• 2021-06-23
  • 952

Aholini uy bilan ta'minlash: davlat bu borada nimalarni reja qilgan?

Yil boshidan buyon davlat dasturi asosida 45 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, yangi tartib asosida shaharlarda 17 354 ta, qishloq joylarda 9 260 ta xonadonli ko‘p qavatli uylar, shuningdek, 6 500 ta yakka tartibdagi uylar qurilishi kerak.

Bu borada Qurilish vazirligiga qator vazifalar yuklatilgan. Vazir o‘rinbosari Nasrullo Boboyev bilan suhbatimizda uy-joy qurish, unga bo‘lgan talab va boshqa masalalar xususida so‘z bordi.

— O‘zbekiston sharoitida aholining uy-joyga bo‘lgan talabi o‘rganilganmi? Bir yilda qancha uy-joy kerak bo‘ladi?

— Bugungi kunda talabni qondirish uchun har yili 100-150 ming xonadon qurib foydalanishga topshirishimiz zarur. Prezident farmoni bilan sohadagi ishlar tartibga olindi. 2020 yilda bir million metr kvadratdan oshiq uy-joylar qurildi. Bu – oldingi yillarga solishtirganda katta ko‘rsatkich.

Joriy yilda esa 54 mingta uy-joy qurilishi belgilangan. Bu miqdordagi uy-joy yangi tartibga binoan respublika bo‘ylab taqsimlangan. Shundan 20 mingta ko‘p kvartirali uylar ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan insonlarga beriladi.

Shuningdek, qishloqlarda “Qishloq qurilish invest” ishtirokida 8,5 mingta, shaharlarda esa “O‘zshahar qurilish invest” buyurtmachiligida 3,5 ming ko‘p qavatli, ko‘p kvartirali uylar quriladi.

Bundan tashqari, yakka tartibdagi uy-joylarga ham talab borligi tufayli 6,5 mingta yakka tartibdagi uylarga kredit ajratish orqali aholiga xarid qilish imkoniyati yaratildi.

— Yakka tartibdagi uy-joyni yangi tartibda namunaviy loyiha asosida qurish nimani anglatadi?

— Qurilayotgan ko‘p qavatli yoki yakka tartibli uylar massiv shaklida bo‘lishi, uning tarkibida ijtimoiy, maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari bo‘lishi kerak. Shuningdek, massiv aholisini ish bilan ta'minlash uchun uning atrofida ishlab chiqarish korxonalarini qurish nazarda tutilgan.

Qurilish vazirligi ko‘p qavatli uylarning 9 turdagi namunaviy loyihalarini ishlab chiqdi. Unda asosiy urg‘u binolarning energiya tejamkor bo‘lishi, ularning yong‘in, seysmik va boshqa jihatlardan xavfsiz bo‘lishiga qaratildi.

— Tadbirkorlar ko‘p qavatli uylarni faqat namunaviy loyiha asosidagina qura oladimi? Yoki o‘zlari boshqa loyiha ishlab chiqish uchun buyurtma bera oladimi?

— Tartibga ko‘ra, auksion orqali tadbirkor aniqlangandan so‘ng uy qurish boshlanadi. Tadbirkor alohida o‘zi uchun loyiha ishlab chiqishi, ekspertizasi, yong‘in xavfsizligi va boshqa talablarini bajarguncha ko‘p vaqt ketadi. Undan ko‘ra, tayyor ishlab chiqilgan loyiha asosida qurilishni boshlagani maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bundan tashqari, Qurilish vazirligi yakka tartibdagi uy-joylarning ham 11 turdagi loyiha namunalarini taqdim etdi. Bu vazirlikning rasmiy veb-saytida bepul joylashtirilgan. Agarda bu loyihalar fuqarolarni qanoatlantirmasa, viloyatlardagi qurilish bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.

— Prezident farmoni bilan Qurilish vazirligiga 5ta vazifa yuklatilgan edi. Ularning ijrosi qanday ketyapti?

— Vazirlik oldidagi birinchi vazifa sifatida ko‘p qavatli uylarni massiv ko‘rinishida shakllantirib olish yuklatilgan edi. Vazirlik tomonidan 175ta massiv tanlab olindi va ularda 1048ta binoni joylashtirish loyihalari mahalliy hokimliklar bilan kelishildi. Ularning namunaviy loyihalari esa, ko‘p qavatli uylar uchun 9 turda, yakka tartibdagi uylar uchun 11 turda ishlab chiqildi.

Farmonda belgilab berilganidek, metalloprokat va sement mahsulotlari narxi oshib ketmasligi uchun birja savdolarida alohida portal yaratildi. Quruvchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib, alohida platformadan xarid qilishlari mumkin.

Keyingi vazifa har bitta quriladigan massivda yetarli nazorat o‘rnatishdir. Quruvchining o‘z ichki nazorati, loyihachining mualliflik nazorati, buyurtmachining texnik nazorati yo‘lga qo‘yiladi.

Eng katta masala – jamoatchilik nazorati. Bu Shaharsozlik kodeksida ham alohida bob bilan ko‘rsatib o‘tildi.

Yana bir muhim masala – qurilish sohasini raqamlashtirish. Bugungi kunda sohadagi korrupsiya, sifat masalalarini raqamlashtirish orqali yengib o‘tish, shaffoflikni ta'minlash mumkin. Qurilish vazirligining shaffof qurilish platformasida uy-joy qurilish platformasini ishlab chiqdik. Bu hozirda test rejimida ishlayapti. Unda har bitta qurilayotgan massivning loyihalari, texnik yechimlari kiritilgan bo‘ladi. Uylar qurilishi jarayonini xaridorlar bevosita onlayn kuzata oladi.

— Loyihada ko‘rsatilmagan holatlar kuzatilganda, masalan, 5 qavatli uyni 7 qavat qilib qurish yoki loyihada ko‘rsatilmasa-da mansarda qurib berilishi kabi holatlarda vazirlik qanday chora ko‘ra oladi?

— Shu vaqtga qadar vazirlik tomonidan 1200 dan ortiq shu kabi holatlar aniqlangan. Ko‘pchilik quruvchilar binoning seysmik xavfsizligini ta'minlash maqsadida qo‘shimcha mustahkam qilinishi qo‘shimcha qavat qurish uchun emasligini tushunib yetishmaydi. Ular yana bir-ikki qavat qursa bo‘ladi, degan fikrga borib qolgan, albatta bu noto‘g‘ri.

Biz shunday vaziyatlarda tadbirkorlarga tushuntirish berib boramiz. Agar vazirlik mutaxassislari loyihada ko‘rsatilgan ishlar to‘g‘ri bajarilgani, loyihadan chiqib ketilmaganiga ishonch hosil qilmasa, obekt foydalanishga qabul qilinmaydi.

— Innovatsion qurilish materiallari hisoblanuvchi yengil konstruksiyalar, bazalt armaturalar, plastinalardan uy-joy qurishda qanchalik foydalanilyapti?

— Ishlab chiqilgan namunaviy loyihalarda bazalt tolalardan foydalanilishi ko‘rsatilgan. Bazalt materiallar yong‘in xavfsizligi jihatidan bardoshli hisoblanadi, har qanday holatda ham yonmaydi. Qolaversa, ushbu turdagi materiallar zararkunanda hasharotlar yashovchanligiga yo‘l qo‘ymaydi.

— Toshkent shahrida uy-joyga bo‘lgan talab kuchliligiga qaramay, uy-joy qurilishi rivojlanib ketmayapti.

— Shaharda uy-joy qurilishi borasida ishlar davom etyapti. Yangihayot, Sergeli tumanlarida yangi uy-joylar qurilmoqda. Shuningdek, eski, foydalanishga yaroqsiz holga kelgan binolarni renovatsiya qilish orqali ko‘p qavatli uylarga aylantirish ishlari bo‘yicha chet el tajribasi o‘rganildi.

— Ko‘p qavatli uylarning xonalarini ko‘paytirish masalasi ham ko‘rilyaptimi?

— Yangi barpo etilayotgan uylar birinchi navbatda uyga ehtiyoji bor insonlar uchun mo‘ljallangan. Bir kvartirada ikki-uch oila birga yashayotgan holatlar ko‘p, ana shunday oilalar uchun subsidiya berish orqali uy-joylar berib boriladi.

Farmonda 3 xonali uylarning umumiy maydoni 70 kv/metrdan oshmasligi ko‘rsatib o‘tilgan. Uning ichida yotoqxona, mehmonlar kutish uchun alohida va farzandlari uchun xonalar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Hozirda tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan ba'zi uylarda oylik daromadi yaxshi oilalar uchun ham ko‘p qavatli uylardan maydoni katta xonadonlar ajratib berilmoqda. Loyihalarda bu narsalar e'tiborga olingan.

Foydali Sahifalar